Ishonch telefoni
+998 71 233 34 24

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida profilaktik tadbir

11.11.2016, 19:35 Yangiliklar 1077

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlari o‘rtasida “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bugun dunyodagi siyosiy vaziyatni kuzatar ekanmiz, turli xil mafkuraviy kurashlarning maydoniga aylanib xonavayron bo‘lgan mamlakatlardagi ayanchli manzaralar va ularda minglab begunoh insonlarning qurbon bo‘layotganini guvohi bo‘lasiz.
Muqaddas islom dinining mukammal qonuniyatlarini tushunmay, uning mohiyati, ezgu g‘oyalarini anglamasdan turib, turli buzg‘unchi, yovuz kuchlarning ta’siriga berilib, o‘z yurtiga tosh otish, o‘z yurtdoshlariga qurol o‘qtalish eng kamida ma’naviy manqurtlikdir.
Qachonki inson o‘z qalbiga ma’rifatni, insoniylik va yuksak bilimni jo qilmas ekan, diniy ekstremizm, terrorizm kabi balolarga duchor bo‘laveradi. Diniy ekstremizm va terrorizm ma’naviy tahdidlarning bir turi bo‘lib, ular o‘zlari mansub bo‘lgan diniy konfessiya vakillarini radikal harakatlarga chorlovchi, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni izdan chiqarishga intiluvchi, mavjud konstitusion tuzumni ag‘darib tashlashga da’vat etuvchi tajovvuzkor siyosiy faoliyatdir.
Darhaqiqat, Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov dunyo miqyosida hali ko‘plab qo‘poruvchilik, xunrezliklar yuz bermasdan turib, bu xavfni ilg‘agan va jahon jamoatchiligini unga qarshi birgalikda keskin choralar bilan kurashishga da’vat etgan edi.
Mamlakatimizda mazkur illatlarga qarshi kurashish davlatimiz va hukumatimiz oldida turgan eng muhim masaladir. Bu borada davlat organlari, davlat va nodavlat tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari tomonidan salmoqli chora-tadbirlar, ushbu illatni yo‘q qilish, uning ildiziga bolta urish, fuqarolarimizni uning domiga tushib qolmasliklari uchun tegishli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Bu boradagi ishlarni davom ettirish, diniy ekstremistik harakatlar bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini talaba-yoshlarga yanada chuqurroq tushuntirish va targ‘ib qilish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda mutassadi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, Toshkent shahridagi barcha oliy ta’lim muassasalarida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirning navbatdagisi 2016-yil 10-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda TDSHI professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda diniy ekstremizm va terorizm, uning salbiy oqibatlari, uning domiga tushib qolganlarning ayanchli taqdirlari misollar asosida tushuntirib o‘tildi hamda unga qarshi kurashishda yoshlarning ham o‘rni beqiyosligi ta’kidlab o‘tildi. Tadbir qizg‘in bahs-munozara tarzida o‘tib, talaba-yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javoblar olishdi.
Tadbir so‘ngida diniy ekstremizm va terrorizmni salbiy oqibatlarini aks ettirgan “Qiyomatga qolgan qarz” nomli film namoyish etildi.

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: