PDF Печать E-mail
14.09.2011 11:31
There are no translations available.

Malayziya tili haqida ma’lumot
 

         Malay tili (Bahasa Melayu) – avstronez tillari oilasining malay polineziya tarmog‘iga kiradi. Ushbu til Sumatra oroli, Malakka yarim oroli, Borneo oroli va boshqa bir qancha mayda orollarda tarqalgan.
Malay tili o‘rta asrlarning boshida malay sivilizatsiyasi yoyilgan butun hududda (Malay arxipelagi, Hindixitoy sohillari va Yangi Gvineya) qavmlararo muloqot va davlatlararo aloqa tili sifatida qo‘llanilgan. Shuningdek,  islom va xristianlik dinlarining yoyilishida qo‘llanilgan til hisoblangan. Malay tilida, o‘zida turli janrlarni mujassam etgan,  ham maxalliy ham tarjima qilingan  boy adabiyot mavjud.
Malay tilining ilk yozma yodgorliklari VII asrda Sumatra va Bangka orollarida topilgan toshbitiklardir.
XIV asrda islom bilan birga shakli o‘zgartirilgan arab yozuvi«djavi» ham tarqaldi. Lotin yozuvi Malayziyada 1957 yildan (mustaqillik) keyin qo‘llanila boshdandi.
Malay tili - Malayziya, Bruney, Singapurning  (Singapurda 4 ta rasmiy til bo‘lib, ular  malay, ingliz, xitoy, tamil tillari) davlat tili hisoblanib, Indoneziyada bu til indonez tili (Bahasa Indonesia) deb nomlanadi. Malayziyada 1963 yili ushbu til uchun Malayziya tili (Bahasa Malaysia) atamasini qo‘llash Malayziya Konstitutsiyasi bandlariga kiritilgan va 1990-yillarning boshida yuqoridagi atama bilan teng ravishda uni an’anaviy nomlanilishi - malay tili (Bahasa Melayu) atamasiga qaytilgan. Bugungi kunda rasmiy doiralarda Malayziya tili va kundalik so‘zlashuvda esa Malay tili atamalari qo‘llaniladi. Shuningdek bu tilni Malayziya tili deb nomlashdan asosiy maqsad,  mazkur davlatda malay millatidan tashqari turli millat vakillarini(malay, xitoy, hind) umumiy bir til vositasida birlashtirishdir.
Malay tili tarixi 5 davrga bo‘linadi : Qadim malay tili, O‘tish davri, Malakka sultonligi davri, zamonaviy va yangi davr. Qadim malay tiliga xinduizm va buddizmning lingvofrankasi hisoblanmish Sanskritning ta’siri kattadir. Malay tiliga arab , fors,  portugal, ingliz tillari ham ma’lum tarixiy voqealar tufayli o‘z ta’sirini ko‘rsatgan va natijada ushbu tillardan o‘zlashgan so‘zlar talaygina bo‘lib, bu malay tili tabiatini butunlay o‘zgartirgan
      Avstronez tillari Malay arxipelagi (Indoneziya, Filippin) Malakka yarim oroli (Malayziya, Singapur, Bruney Darussalam) Hindi Xitoyning janubiy tumanlarida, Tayvan va Madagaskar oroli hamda Okeaniyaning ko‘pgina orollarida keng tarqalgan. Avstronez tillari oilasi undagi tillarning xilma-xilligi, ko‘pligi bilan bir qatorda, mazkur tillarda so‘zlashuvchilar sonining ko‘pligi jihatidan ham yirik til oilalaridan biri hisoblanadi. Mazkur til oilasi tarkibida 1100 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, ushbu tillarda so‘zlashuvchilarning umumiy soni 240 mln. kishidan iborat. Malayziya tili mazkur til oilasining o‘zida ko‘plab til guruhlarini mujassamlashtirgan Nusantara (malaycha “nusa”- “vatan, ona yer” ,  “antara” – “oralig‘i, atrofi”) tarmog‘iga mansub bo‘lib, mazkur tarmoqda taxminan 200-300ga yaqin tillar mavjud.
            Nusantara tarmog‘i 16 ta guruhdan iborat bo‘lib, quyida malay tili mansub bo‘lgan guruh tillari ko‘rsatilgan:
Sumatra guruhi: achex, batak, minangkabau, malay, nias, lampung va orang laut (dengiz odamlari) tillari.
            Malay tilining kelib chiqishi haqidagi bir guruh olimlarning  fikriga ko‘ra, Yunonistondan miloddan avvalgi 2500 yilda bir guruh malay tilida so‘zlashuvchi odamlar Janubiy Sharqiy Osiyo hududiga kelib joylashganlar. Keyinchalik taxminan miloddan avvalgi 1500 yilda ikkinchi guruh odamlar mazkur hududning sohil va vodiylariga o‘rnashganlar. Birinchi guruh Malay Proto va ikkinchi guruh Malay Deutro deb nomlanib, bu guruhlar birgalikda avstroneziya guruhini tashkil qilgan. Malay tili Malay arxipelagida paydo bo‘lganligi haqidagi yana bir fikrga ko‘ra , Yava orolidan ming yilga teng odam qoldig‘ining topilganligi Malayya orollarida odamlar qadim davrlardan beri istiqomat qilganliklarini ma’lum qiladi.
            Malayziya tilining bugungi kundagi mavqei, uning dunyo tillari safidagi o‘rni, roli haqida so‘z yuritishdan avval malayziya tilining taraqqiy etish bosqichlari haqida so‘z yuritish ahamiyatga loyiqdir. Bu borada olimlar fikricha, Janubiy Sharqiy Osiyoga hind madaniyati, dini bilan birga islom dinining ham kirib kelishi, shuningdek, Yevropa mustamlakachilari xukmronligi davrlarini aytib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Chunki tarixda bo‘lib o‘tgan voqealar tufayli malayziya tili qadim, mumtoz va zamonaviy malayziya tiliga ajraladi. Tilshunoslar malayziya tilining rivojlanish davrini uch bosqichga bo‘ladilar va har bir bosqichning belgisi, asosiy jihatlari mavjud. Masalan, qadim malay tiliga sanskrit va xinduizmning kuchli ta’siri bo‘lgan. Mumtoz (klassik) malay tiliga esa islom dini va arab yozuvining ta’siri nihoyatda ulkan ahamiyat kasb etgan. XIII asrda arab va fors savdogarlari orqali Malakka yarim oroliga yoyiilgan islom dini, arab yozuvi asosida djavi yozuvi shakllandi. Djavi – modifikatsiyaga uchragan, ya’ni shakli o‘zgargan arab alifbosi bo‘lib, malayziya tilini yozuvda ifodalash uchun ko‘p asrlardan buyon Malayya arxipelagi hududida hozirga qadar qo‘llanilib kelinmoqda.
    Bugungi kunda djavi alifbosi Bruney-Darussulam davlatining ikkita rasmiy yozuv sistemasidan biri hisoblanadi, shuningdek, Malayziya, Filippin, Indoneziya va Singapurda cheklangan holda, asosan, diniy maqsadlarda qo‘llaniladi.  Shuningdek, zamonaviy malayziya tili ko‘proq G‘arb mustamlakachiligi, xususan, ingliz tili ta’siri ostida rivojlandi. Yuqoridagi tillar bilan birga 1641 yilda Malayziyani mustamlaka qilgan gollandlar tili ham malayziya tiliga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Ko‘pgina chet  tillari ta’sirida malayziya tilining asl tabiati o‘zgargan va uning lug‘at tarkibida yuqorida aytib o‘tilgan tillardan o‘zlashgan so‘zlarning soni talaygina. Shu bilan birga, bu tilni o‘rganuvchilar tilning morfemik sathidagi turli tuman qo‘shimchalarning qo‘llanilishi, xususiyatlaridagi qiyinchiliklarga duch kelishlari tabiiy. Bu holatni bir oz bo‘lsada yengillashtirish, o‘rganuvchilarga til o‘lganishning oson yo‘llarini ko‘rsatishga xizmat qilishi bois mazkur mavzuning dolzarbligi kattadir.
    Bugungi kunda malayziya tili Malayziya, Indoneziya, Bruney Sultonligining milliy tili bo‘lishi bilan birga Singapurning to‘rt rasmiy tili(ingliz, xitoy, tamil, malayziya tillari) dan biri hisoblanadi. Shuningdek, malayziya tili xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan katta tashkilotlar tili maqomini olishga nomzodlik qilmoqda. Buning isboti tariqasida, 2004 yilning boshida Malayziyaning Dewan Bahasa dan Pustaka ( Til va Adabiyot Nashriyoti) va MABBAM tashkilotlari tomonidan malayziya tili – ASEAN (Janubi sharqiy Osiyo millatlari  tashkiloti) ning rasmiy tili sifatida faoliyat yurgizishi masalasi muhokamaga qo‘yilganligini aytib o‘tish mumkin. Chunki ASEAN tashkiloti qamrab olgan hududning yarim aholisi  malayziya tilida so‘zlashadi.
                    Shuningdek, malayziya tili bilan teng ravishda “malay tili” atamasi – “Bahasa Melayu” ham xalq orasida keng qo‘llaniladi.

 1-Mavzu: Malayziya tili fonetikasi
Reja:     
1.    Alifbo
2.    Diftonglar va digraflar
3.     Malayziya tili fonetikasining asosiy xususiyatlari
4.     Unlilar va undoshlar
5.     Urg`u
Tayanch iboralar:  unlilar; undoshlar; diftonglar; digraflar ;lablashgan, tomoq-halqum, burun-dimog`  tovushlar ; urg`u.
ALIFBO
Malayziya tili alifbosi 26 xarfdan iborat.
Aa    /ei/    Gg    /ji/    Mm    /em/    Ss    /es/    Yy  /wai/
Bb    /bi/    Hh    /ec/    Nn    /en/    Tt    /ti/    Zz  /zet/
Cc    /si/    Ii    /ai/    Oo    /o/    Uu    /yu/
Dd    /di/    Jj    /je/    Pp    /pi/    Vv    /vi/
Ee    /i/    Kk    /ke/    Qq    /kiu/    Ww    /dabliu/
Ff    /ef/    Ll    /el/    Rr    /ar/    Xx    /eks/
Malayziya tili tovush tarkibiga 6 ta unli tovush, 3 ta diftong (ikki unli tovushdan tarkib topgan, bir bo`g`inda talaffuz qilinadigan tovush), 24 ta undosh tovushlar (ulardan 18 tasi tub va 6 tasi o`zlashgan undoshlar) kiradi.
    Ba`zi malayziyacha tovushlar ikki xarf (digraf) bilan ifodalanadi. Malayziya tilida undosh tovushlarni ifodalaydigan 5 ta digraf mavjud: / / tovushi “sy”  bilan,
 /ת  / - “ny”, / / - “ng”, / x/ - “kh” , /૪/ - “gh”  kabi ifodalanadi; diftonglarni ifodalaydigan 3 ta digraf  bor: /ai/ diftongi “ai” digrafi bilan, /au/ - “au”, /oi/ - “oi” kabi ifodalanadi. Shuningdek, ikki turli tovushni ifodalaydigan 1 ta xarf mavjud: “e” - /Ə/ va /e/.
Malayziya tili fonetikasining asosiy xususiyatlari

1.    Malayziyacha tekstning deyarli yarmini unli tovushlar tashkil qiladi. Tovush zanjirida unli va undoshlar almashinib keladi. Undoshlarning ketma-ket
( asosan ikkidan ortiq) kelishi kam uchraydi. Bunda tovushlardan biri ,odatda, jaranglidir.
2.    Malayziya tiliga kuchsiz labializatsiya (lablashish, ya`ni tovushni lab orqali talaffuz qilish); undoshlarning o`zidan oldingi unlilarga kuchli birikishi (“uzuq-yuluq talaffuz”); unlilarning bir xil va qisqa talaffuzi, tomoq-bo`g`izni ishlatish; nazalizatsiya( burunlashish, ya`ni tovushni burun-dimog` orqali talaffuz qilish); undoshlarning hammasi yarim yumshoq, ya`ni yumshoq va qattiq turlarga ajralmasligi xarakterlidir.
3.    Malayziya tilida urg`u ma`no anglatuvchi rol o`ynamaydi. Keskin farqlanadigan urg`uli va urg`usiz bo`g`inlar yo`q, ikki bo`g`inli so`zlarda urg`u teng taqsimlanadi. Urg`u aniq o`rnatilmagan, urg`uli bo`g`in joyi ohang bilan aniqlaniladi.

Unlilar va undoshlar
/a/  unlisi – o`zbek tilidagi “barg” so`zida /a/ deb talaffuz qilinadigan tovushga deyarli o`xshaydi. Yozuvda “Aa” xarfi bilan ifodalanadi.
/i/ tovushi yozuvda “Ii” xarfi bilan ifodalanadi; /i/ tovushini talaffuz qilishda tilning oldingi qismi qattiq tanglayga ko`tariladi va bunda tilning uchi pastgi alveolalar (tanglay)da joylashadi. /i/ ni talaffuz qilishda lablar bir oz cho`ziladi.
/u/ unlisi kuchsiz lablashgan bo`lib, o`zbekchadagi /u/ ga deyarli o`xshaydi, ruschadan ko`ra lablar oldinga kam cho`ziladi; mazkur malayziyacha tovush ko`proq orqa tovush hisoblanadi.Yozuvda “Uu” xarfi bilan ifodalanadi.
/a/ va /u/ dan oldin keladigan undoshlar, rus tiliga qaraganda ancha yumshoqdir.
/Ə/ (pepét) unlisi – lablashmagan tovush bo`lib, o`zbekcha “bir” (1) so`zidagi /i/ unli tovushi singari qisqa talaffuz qilinadi. Oxirgi yopiq bo`g`inda uchramaydi. Yozuvda “Ee” xarfi bilan ifodalanadi.
/e/ unlisi (taling) – ochiq, lablashmagan tovushdir(taxminan inglizcha “bed” so`zidagi tovush kabi) . Uni talaffuz qilganda lablar bir oz cho`ziq, tilning
uchi pastgi tishlarda bo`ladi. Tub malay leksikasida oxirgi ochiq bo`g`inda uchramaydi.Yozuvda (/Ə/ unlisi kabi) “Ee” xarfi bilan ifodalanadi.
/o/ unlisi kam darajada lablashgan, bir xil. Lablashish darajasi barcha holatda bir xil. So`zning har qanday qismida uchraydi. Oxirgi ochiq bo`g`inda faqat o`zlashgan so`zlarda uchraydi. Yozuvda “Oo” xarfi bilan ifodalanadi.
/p/ undoshi artikulyatsiyasiga ko`ra ruscha /p/ ga o`xshaydi, lekin kuchsiz havo oqimi, energiya bilan talaffuz qilinadi. Yozuvda “Pp” xarfi bilan ifodalanadi.
/k/ undoshi - artikulatsiyasiga ko`ra ruscha /k/ ga o`xshaydi, biroq kam chuqurlashgan( bo`g`izdan talaffuz qilish bir oz oldinga cho`zilgan). Yozuvda “Kk” xarfi bilan ifodalanadi.
/t/ undoshini talaffuz qilganda tilning uchi tishlarda turadi, yozuvda “Tt” xarfi bilan ifodalanadi.
/m/ va /n/ undoshlari yozuvda “Mm” va “Nn” xarflari bilan ifodalanadi. Artikulatsiyasiga ko`ra ruscha tovushlarga o`xshaydi; /n/ alveolyar (tanglay) tovush ( ruscha /n/ dan yuqori ).
/b/ undoshi – talaffuziga ko`ra ruscha /b/ ga o`xshaydi, lekin kuchliroq talaffuz qilinadi, asosan, so`zning boshida. Tub malay leksikasida so`zning boshida va o`rtasida uchraydi, shuningdek, o`zlashgan so`zlarda oxirida ham uchraydi. Yozuvda “Bb” xarfi bilan ifodalanadi.
/d/ undoshi – ruscha /d/ ga o`xshaydi, lekin tanglayda talaffuz qilinadi. Tub malay leksikasida so`zning boshida va o`rtasida uchraydi va o`zlashgan so`zlarda oxirida ham uchraydi. Yozuvda “Dd” xarfi bilan ifodalanadi.
/g/ undoshi - artikulatsiyasiga ko`ra ruscha /g/ ga o`xshaydi, biroq talaffuz qilish bir oz oldinga cho`zilgan. Tub malay leksikasida so`zning boshida va o`rtasida uchraydi va o`zlashgan so`zlarda oxirida ham uchraydi. Yozuvda “Gg” xarfi bilan ifodalanadi.
/s/ undoshi – til oldi, sirg`aluvchi tovushdir. Sirg`aluvchi yoki shipillovchi ohangda bo`lishi mumkin. So`zning har qanday qismida kelishi mumkin. Yozuvda “Ss” xarfi bilan ifodalanadi.
/l/  undoshi - til oldi tovush hisoblanib, yevropacha /l/ ga ( ruschaga emas) o`xshaydi. /l/ ni talaffuz qilganda tilning faqat uchi tanglayga yopishib turadi va tilning o`rta qismi ruscha /l/ ni talaffuz qilgandagi kabi pastga tushmay, aksincha, bir oz ko`tariladi. Ruscha qattiq /l/ ga nisbatan yumshoqroq jaranglaydi. So`zning har qanday qismida kelishi mumkin.  Yozuvda “Ll” xarfi bilan ifodalanadi.
/h/ undoshi – shovqinli hiqildoq tovush bo`lib, inglizcha va nemischa /h/ ning analogidir. So`zning boshi, o`rtasi va oxirida uchraydi hamda joylashuviga ko`ra talaffuz qilinishi o`zgaradi.
/h/ ni talaffuz qilish qoidalari
1.    Tub so’zlarning boshida yengil nafas tovushi singari jaranglaydi ( oynaga nafas chiqargandagi kabi) : hujan – “ yomg`ir ”.
2.    O`zlashgan (arabchadan) so`zlarning boshida ruscha “ x ” ga yaqin jaranglaydi. hal – “ masala ”, hasrat – “ kuchli istak ”
3.    So`zning oxirida va turli unlilar orasidagi  so`z o`rtasida yengil nafas chiqarish kabi talaffuz qilinadi yoki tushib qoladi: tahu /tahu/ - /tau/, boléh /boleh/ .
4.    Bir xil unlilar orasidagi so`z o`rtasida doim aniq talaffuz`qilinadi va ko`pincha jarangli aytiladi: pohon – “daraxt”, mahal – “qimmat” .
/f/, /v/, /z/, //, /x/ undoshlari o`zlashgan tovushlar bo`lib, faqat o`zlashgan so`zlarda uchraydi.
/f/ va /v/ jarangsiz va jarangli tish tovushlaridir.
/f/ undoshi arabcha va yevropacha so`zlarda turli holatlarda uchraydi.
/v/ undoshi so`zning oldingi qismlarida faqat yevropacha o`zlashmalarda uchraydi.
/f/ ba’zi hollarda /p/ bilan almashinadi: fikir- pikir.
/z/ undoshi /s/ ga o`xshab talaffuz qilinadi, lekin ruscha /z/ dan jarangliroq
oldingi bo`g`inlarda uchraydi.
/s/ undoshi til oldi sirg`aluvchi tovush bo`lib, rus tilidagi /щ/ kabi tumshoq talaffuz qilinadi. Arabcha va inglizcha o`zlashmalarda so`zning bosh va o`rta qismlarida uchraydi.
/x/ undoshi til orqa tovush bo`lib, faqat arab tilidan olingan so`zlarda uchraydi.
Khas /xas/;  khidmat /xidmat/.
/r/ undoshi - yozuvda “Rr” xarfi bilan ifodalanadi. Badiiy til me`yori bo`lib ruscha /r/ ni eslatuvchi tebranuvchan til oldi /r/  tovushi hisoblanadi, lekin kamroq gulduraydi. Biroq uning o`rniga hududiy me’yor hisoblangan ikkita boshqa varianti ko’p qo’llaniladi: Malayziyaning shimoliy shtatlarida uvulyar (yumshoq tanglay va kichik til ishtirokidagi) talaffuz hos; Malayziyaning janubiy shtatlari uchun til orqa sirg`aluvchi /R/ hos ( tilning orqa qismini qattiq tanglayga ishqalash orqali talaffuz).
/w/ - lab undoshi bo’lib, /u/ ga o`xshab talaffuz qilinadi, biroq lablar kuchliroq ishtirok etadi. Yozuvda “Ww” xarfi bilan ifodalanadi.
/y/ - til o`rta sirg`aluvchi tovushdir. /i/ unlisi kabi holatda talaffuz qilinadi, lekin artikulyatsiyadagi organlar yaqinlashib sirg`aluvchanlikni hosil qiladi. Yozuvda “Yy” xarfi bilan ifodalanadi.
/w/ va /y/ tovushlari so`zning boshida va o`rtasida uchraydi.

O`qish va talaffuz qilish qoidalari

1.    Malayziya tilidagi barcha unlilar so’zning boshida bo`g`izdan portlab chiqib talaffuz qilinadi.
2.    Yopiq bo`g`indagi unlilar ochiq bo`g`indagiga qaraganda qisqa talaffuz qilinadi.
3.    /a/ xarfi so`z oxirida /ə/ singari o`qiladi.
4.    /p/, /t/, /k/ undoshlari so`z oxirida jarangsiz talaffuz qilinadi.
5.    /b,d,g/ jarangli undoshlari arab tilidan o’zlashgan so`zlar oxirida unsiz va past talaffuz qilinadi: tabib/tabip,/ ,abad/abat/ ; inglizcha o’zlashmalarda  ese yumshoq  talaffuz qilinmaydi: beg/beg/ , kad/kad/ .

Urg`u
1.    Tarkibida /ə/ unlisi yo’q ikki bo`g`inli malayziyacha so`zlarni talaffuz qilganda tekis ohangda bo`g`inlar teng zarb bilan talaffuz qilinadi. Bunda birinchi bo`g`indagi unli bir oz cho`ziladi va ikkinchi bo`g`inning boshi kuchliroq talaffuz qilinadi: maKan “yemoq, ovqatlanmoq”
2.    /ə/ unlisi hech qachon urg`u olmaydi. Birinchi bo`g`inida /ə/ bor so`zlarda urg`u oxirgi bo`g`inga tushadi: emák, temán