Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 95 198 56 88

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

ToshDSHIda Yaponshunoslik fakultetining ochilishi

04.12.2019, 11:46 Yangiliklar 47

2019 yil 4-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yaponshunoslik fakultetining rasmiy ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Jahon miqyosida yetakchi o‘rinni egallab turgan kunchiqar o‘lka – Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi muhim siyosiy-iqtisodiy jarayonlar kechayotgan davrda yaponshunoslik sohasida mutaxassis kadrlar tayyorlash va yetishtirish kabi dolzarb vazifani amalga oshirishda ToshDSHIda maxsus yaponshunoslik fakultetining ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan, yangi fakultetning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.A.Abduhakimov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Fudjiyama Yoshinori janoblari va boshqa fan-ta’lim doiralari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda yapon tilini o‘rganish bo‘yicha dunyodagi eng faol davlatlardan biri sanalmish O‘zbekistonda yaponshunoslik sohasini rivojlantirish bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik instituti yetakchi o‘rinni egallaydi. 1992 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida tashkil etilgan Yapon filologiyasi kafedrasi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyoda yapon tilini o‘qitish bo‘yicha ochilgan birinchi o‘quv maskani sanaladi. Oxirigi yillarda ToshDShIda yaponshunoslik sohasida qilingan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari yangi fakultet shakllanishiga asos bo‘ldi va shu munosabat bilan, ToshDShIning Xorijiy Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi filologiya fanlari doktori, professor R.Xodjayevaning ToshDShI tayanch doktoranti G.Qosimova bilan hammualliflikdagi “Yapon adabiyotida zamonaviy yo‘nalishlar va oqimlar” nomli o‘quv qo‘llanmasi nashr qilindi hamda ToshDShIda nashr qilinadigan “Sharq mash’ali” ilmiy jurnalining navbatdagi soni maxsus yaponshunoslikka bag‘ishlandi. Unda yapon tilshunosligi, adabiyotshunosligi, tarixshunosligi, tarjimashunosligi, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar, Yaponiyaning tashqi siyosati va xalqaro munosabatlari, shuningdek, Yaponiya iqtisodiyotiga oid 20 dan ziyod ilmiy maqolalar jamlangan. Juda ko‘p sohalar qatori ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi bunday sa’y-harakatlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

ToshDShIda yangi fakultetning tashkil topishi yaponshunoslik bo‘yicha o‘quv jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlarini bir yerga to‘plash hamda ushbu soha yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish imkoniyatini berish bilan bir qatorda, o‘zbek yaponshunosligini yangi, mustahkam pog‘onaga ko‘taradi, deb umid qilamiz.

IMG_9940 IMG_9945 IMG_9953 IMG_9951 IMG_9976 IMG_9928 IMG_0095 IMG_0087 photo_2019-12-04_15-50-42 IMG_0042

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: