Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 95 198 56 88

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida “Afg‘oniston XX va XXI asrlar chorrahasida: tarixiy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy jihatlari va uning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro munosabati masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya o’tkaziladi

19.06.2019, 16:09 E'lonlar 490

2019-yil 21-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va “O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati hamkorligida “Afg‘oniston XX va XXI asrlar chorrahasida: tarixiy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy jihatlari va uning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro munosabati masalalari” mavzusida Xalqaro konferentsiya o‘tkaziladi. Mazkur anjuman Afg‘oniston Islom Respublikasi mustaqilligining 100 yilligiga bag‘ishlanadi.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad so‘nggi 40 yil ichida Afg‘oniston Islom Respublikasi taraqqiyotining ijtimoiy, tarixiy-madaniy sohalarini ilmiy tahlil qilishdan iborat. Xalqaro konferentsiyada O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, AQSh, Niderlandiya, Shvetsiya mamlakatlarining yetakchi olimlari hamda davlat elchilarining ishtiroki ko‘zda tutilgan. Ma’ruzalarda Afg‘onistondagi til vaziyati, adabiyot va ushbu mamlakatning ijtimoiy-madaniy taraqqiyoti masalalarining ilmiy tahlili yoritiladi. Asosiy e’tibor Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan madaniy, siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalardagi o‘zaro aloqalari, shuningdek, O‘zbekistonning bu jarayonlardagi roli va o‘rniga qaratiladi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan ikki tomonlama aloqalarni sezilarli darajada kengaytirdi, afg‘on muammolarini hal qilish uchun ko‘p tomonlama muzokaralarda faol ishtirok etdi, Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, savdo-iqtisodiy aloqalar va transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Bir necha marotaba O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani o‘rtasida ushrashuvlar tashkil etildi. Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy kelishuvlar almashinuvi sezilarli darajada kuchaydi.
2018 yilda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo: Umumiy o‘tmish, umumiy kelajak, umumiy tinchlik uchun osuda taraqqiyot va hamkorlik” Xalqaro konferentsiya muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekistondagi bilim dargohlarida afg‘on kadrlarni tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlangani muhim voqea bo‘ldi. Xalq diplomatiyasi, madaniy-gumanitar aloqalar mexanizmlarini rivojlantirish, O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning oddiy fuqarolari o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada yuksaldi.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida uzoq vaqtdan buyon afg‘on tilshunosligi, tarixi va madaniyati bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Eron-afg‘on kafedrasida yuqori malakali o‘qituvchilar faoliyat yuritadi. Jumladan, uch nafar professor, ikki nafar fan nomzod kafedrada afg‘onshunoslikka dars beradilar. Afg‘oniston bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.
Xalqaro konferentsiya natijalari bo‘yicha tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘shma rezolyutsiya qabul qilinadi.

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: